YANGILIKLAR

Global Ta’lim Konsorsiumi (CGE) delegatsiyasi SIUTga tashrif buyurdi

2023-yilning 9-noyabr kuni SIUTda CGE prezidenti Carolyn Bishop boshchiligidagi Global Ta’lim Konsortsiumiga (CGE – Consortium for Global Education, AQSh) a’zo qator universitetlar vakillaridan iborat delegatsiyasi tashrif buyurdi.

Shuni alohida qayd etish joizki, SIUTda bunday formatdagi uchrashuv ilk bor tashkil etilib, unda talabalar va professor-oʻqituvchilar Konsortsium faoliyati, xalqaro dasturlar hamda akademik almashinuv imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar.

CGE SIUTda o‘qitiladigan turli dasturlarni sertifikatlash, shuningdek, kelgusi o‘quv yilidan boshlab universitetda MBA (Master of Business Administration) dasturini ochishda zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

“Xalqaro sertifikatga ega bo‘lish SIUT bitiruvchilari uchun yangi imkoniyatlar ochadi”, dedi Wayland University prezidenti Bobby Hall.

Delegatsiya vakillari Konsortsium iqtidorli talabalarga grantlar ajratishda yordam berishga tayyorligini ma’lum qildilar. O‘z navbatida, SIUT rektori prof. Yusuf Abdullayev iqtidorli yoshlarning xorijning nufuzli oliygihlarida ta’lim olishlari uchun yurtimizdagi turli grantlar ajratuvchi jamg‘armalar orqali doimo qo‘llab-quvvatlab kelinganini alohida qayd etar ekan, yoshlarga oid davlat siyosati doirasida ularni qo‘llab-quvvatlash ishlari davom etayotganini alohida ta’kidladi. Rektor so‘ziga har yili minglab grantlar ajratadigan va xorijda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar, magistrantlar, doktorantlar va ilmiy tadqiqotchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan “El-yurt umidi” jamg‘armasini misol tariqasida keltirib o‘tdi. So‘zida davom etar ekan, professor Yusuf Abdullayev joriy o‘quv yili uchun SIUT talabalariga 20 ta davlat granti jumladan, “Geologiya va geomuhandislik”, “Konchilik ishi”, “Kimyo muhandisligi”, “Issiqlik energetikasi” yo‘nalishlari uchun har biri 5 tadan, bundan tashqari, SIUT Vasiylik kengashi raisi Baxtiyor Fazilovning 70 dan ortiq grant o‘rinlari ajratilganligiga alohida urg‘u berdi.

Uchrashuv talabalar tomonidan tayyorlangan milliy qo‘shiq, kuy va raqslarga ulanib ketdi. Tadbir so‘ngida Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Zulfiya Rashidova ijrosidagi “Samarqand” qo‘shig‘i barchaning, shu jumladan, CGE faxriy mehmonlarining e’tibor markazida bo‘ldi.