YANGILIKLAR

SIUT – China Datang bilan strategik hamkorlik sari ilk akademik qadam

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti Xitoyning yetakchi energetika kompaniyalaridan biri – China Datang Overseas Investment vakillari bilan muhim muzokaralarga mezbonlik qildi.

Uchrashuv davomida xalqaro ilmiy, ta’limiy va texnologik sohalardagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Delegatsiyaga kompaniyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori – janob Teng Yi Peng va “Datang Uzbekistan” innovatsion markazi rahbari – janob Cai Minghui boshchilik qildi.

China Datang – Xitoyda elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi beshlikka kiruvchi kompaniya bo‘lib, O‘zbekistonda – davlatimiz Energetika vazirligi bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. 2024-yilda “China Datang” kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda “Ipak yo‘li energetikasi” nomli qo‘shma texnologik innovatsion ilmiy-tadqiqot markazi (R&D) tashkil etilgan va ushbu markaz doirasida potaxtimiz Toshkent hamda Xitoydagi Chengdu shaharlarida 50 nafar o‘zbekistonlik mutaxassis uchun maxsus malaka oshirish dasturlari o‘tkazilgan.

SIUTga tashrifi davomida xitoylik mehmonlar universitetning ilmiy va ta’limiy salohiyati, akademik infratuzilmasi hamda muhandislik ta’limiga oid ustuvor yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishdilar. Muzokaralar chog‘ida quyidagi masalalar muhokama qilindi:

  • China Datang ishlab chiqarish klasterlarida SIUT talabalari uchun amaliyot dasturlarini tashkil etish;
  • ikki tomonlama qo‘shma ta’lim dasturlarini yaratish;
  • texnik mutaxassislar uchun til va kommunikatsion ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik;
  • xalqaro energetika loyihalarida SIUT talabalari ishtirokini ta’minlash;
  • muayyan yo‘nalishlar — “Issiqlik energetikasi” (CIEP), “Qayta tiklanuvchi energiya” (KITC), “Xalqaro logistika” va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha maqsadli stipendiyalar ajratish imkoniyatlari.

— “Xalqaro loyihalarning muvaffaqiyati, avvalo, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga bog‘liq. Faqat chuqur bilim va amaliy ko‘nikmaga ega mutaxassislargina texnologik yutuqlarni hayotga tatbiq etishi va samarali natijalarga erishishi mumkin,” — dedi Cai Minghui, ta’limning global energetika sohasidagi strategik ahamiyatini alohida qayd etar ekan.

O‘z navbatida, janob Teng Yi Peng – SIUT bilan akademik hamkorlikni kengaytirish, talabalarni amaliyot orqali qo‘llab-quvvatlash hamda ularning kasbiy o‘sishiga ko‘maklashish borasidagi tayyorgarliklarini bildirdi.

Ma’lumot uchun: 2025-yilda Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalari qayta tiklanuvchi energetika va zamonaviy qishloq xo‘jaligi sohalariga yo‘naltiriladi. Umumiy qiymati 30 million yuanga teng 30 ta loyiha qo‘llab-quvvatlanadi. SIUT ushbu tashabbus doirasida ilmiy loyihalar taqdim etishga, professor-o‘qituvchilar almashinuvi va qo‘shma konferensiyalar orqali akademik hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

CIEP talabalarining 2024-yil avgust–sentyabr oylarida Xitoyning Jilin shahridagi Shimoliy-Sharqiy Energetika Universitetida o‘tkazilgan talabalar yozgi oromgohi doirasida China Datang korporatsiyasining Jilin filialiga tashrifi

SIUT birinchi prorektori, professor Bobby Hall tashrifning strategik ahamiyatini alohida ta’kidladi:

“Biz ushbu hamkorlikni oddiy akademik almashinuv emas, balki ta’lim, ilm-fan va sanoat sohalarining mintaqalararo integratsiyasiga yo‘naltirilgan muhim strategik qadam sifatida baholaymiz.”

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish niyatida ekanliklarini bildirdilar. Shu maqsadda, 2025-yil avgust oyida China Datang kompaniyasining O‘zbekistondagi yangi binosi ochilish marosimi doirasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi imzolanishi rejalashtirilgan.