YANGILIKLAR

Kelajakka yangicha nigoh: SIUT “Oxford Conclave 2024” ishtirokchisi bo‘ldi

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori, professor Yusuf Abdullayev hamda universitet birinchi prorektori, professor Bobby Hall’dan iborat SIUT delegatsiyasi a’zolari “Oxford Conclave”ning yillik yig‘ilishida ishtirok etdi. O‘z o‘rnida ta’kidlash zarurki, ushbu nufuzli xalqaro tadbirda Buyuk Britaniya, AQSh, Osiyo va Afrika davlatlari vakillari ham qatnashdilar. Bundan tashqari, “Oxford Conclave” qatnashchilari orasida Global Ta’lim Konsorsiumi, George Fox Universiteti, Washington & Jefferson kolleji, Drew Universiteti kabi jahonga mashhur, yirik ta’lim muassasalari vakillarining borligi anjumanning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tibori va ahamiyatidan darak beradi. Shuni alohida qayd etish lozimki, SIUT Markaziy Osiyo mintaqasi hamda MDH davlatlari orasida “Conclave”ning birinchi va yagona a’zosi sanaladi.

“Oxford Conclave” yig‘ilishining yigirma yillik yubileyini jamiyat raisi va hammuassisi, professor John Knapp rasman ochib berdi. Ushbu anjuman kun tartibidan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini kelajakda mehnat bozoridagi o‘zgarishlarga tayyorlash masalalariga oid mavzu asosiy mavzu sifatida ko‘rib chiqildi, shuningdek, bitiruvchilarning zamonaviy bandlik talablariga moslashuvchanligini oshirish uchun zarur bo‘lgan yangi yondashuvlarga oid fikr va takliflar muhokama markazida bo‘ldi.

Joriy yil sentabr oyining birinchi haftasida Oxford universitetining “Rhodes House” va Balliol kollejida tashkil etilgan mazkur uch kunlik tadbir xalqaro miqyosda ilg‘or tajriba va amaliyotga hamda zamonaviy g‘oyalarni hayotning har bir jabhasiga tatbiq etib kelayotgan bir qator oliygoh prezident va rektorlari uchun o‘zaro fikr va tajriba almashish maydoniga aylandi, deyish mumkin. Jahonning turli nuqtalaridan tashrif buyurgan universitet rahbarlari ta’limning kelajakdagi taraqqiyoti bilan bog‘liq muhim masalalarni birgalikda ko‘rib chiqdilar. Muhokama qilingan asosiy mavzular qatorida quyidagilarni keltirish mumkin:

  • bandlikning o‘zgaruvchan tabiati va bu o‘zgarishlarning o‘quv dasturlari va muvaffaqiyatli kasbiy faoliyatni rivojlantirish dasturlariga ta’siri;
  • zamonaviy texnologiyalar, ayniqsa sun’iy intellektning mavjud kasblarga ta’siri va bu texnologiyalarning kelajak kasblarini qayta belgilashi;
  • talabalarni o‘zgaruvchan mehnat bozori talablariga moslashuvini ta’minlash;
  • uzoq muddatli kadrlar ehtiyojini prognoz qilish uchun ish beruvchilar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatish.

SIUT jamoasi uchun ushbu anjuman alohida ahamiyat kasb etganini alohida ta’kidlash zarur. Sababi, “Oxford Conclave”ning rasmiy qismi SIUT tashkil etilishi hamda faoliyatini o‘zida aks ettirgan taqdimot bilan boshlangani, universitet jamoasi uchun unutilmas tarixiy voqea sifatida baholandi. Mazkur tarixiy voqea Universitetning “Oxford Conclave”ida ilk ishtiroki bo‘lib, muhokama qismida SIUT delegatsiyasining “Oliy ta’limning transformatsion kuchi. O‘zbekiston salohiyatini qayta kashf etish” (“Transformative Power of Higher Education. Unckocking Uzbekistan’s Potential”) mavzusidagi taqdimoti yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Taqdimotda universitet rektori professor Yusuf Abdullayev va birinchi prorektor Bobby Hall O‘zbekiston mehnat bozorining kelajakdagi kadrlar talablari, ayniqsa muhandislik sohasidagi ehtiyojlarni qondirish uchun oliy ta’limning roli va ahamiyatiga alohida urg‘u berdilar, bundan tashqari, ayni muammolarni hal etish yuzasidan delegatlarimiz tomonidan kiritilgan takliflar anjuman ishtirokchilari tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlandi.

Tadbir doirasida anjuman ishtirokchilari tomonidan SIUT xalqaro hamkorlar bilan aloqalarni yanada kengaytirish, ta’lim va tadqiqotga innovatsion yondashuv va yechimlarni jalb etish uchun yangi imkoniyatlarga ega ekanligi ta’kidlandi.

“Oxford Conclave 30 yillik beqiyos tarixga egaligi bilan ahamiyatli bo‘lib, u chin ma’noda universitet rahbarlari uchun akademik muammolar va kelajak istiqbollarini muhokama qilish maydoniga aylandi. Bizning mazkur anjumanga taklif etilganligimiz, universitetimiz uchun yangi muvaffaqiyatlarga zamin yaratishi bilan birgalikda, dunyo universitetlari bilan muloqot o‘rnatishda yana bir muhim qadam bo‘ldi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Ushbu amaliy harakatlar nafaqat yangi g‘oyalarni kashf etishga imkon beradi, balki SIUT talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun yangi ufqlarni ochadi”, – deydi SIUT birinchi prorektori, professor Bobby Hall (AQSh).

Ma’lumot uchun, 2004-yilda tashkil etilgan “Oxford Conclave” dunyo bo‘ylab universitet rahbarlarini birlashtirib, akademik hamkorlik va tajriba almashish uchun samarali platforma bo‘lib xizmat qiladi. Har yili o‘tkazilayotgan “Oxford Conclave” anjumanlarida Nobel mukofoti laureatlari, taniqli olimlar va siyosiy yetakchilar faol ishtirok etib kelmoqdalar.