YANGILIKLAR

SEG Motol yengil avtomobillar uchun motor moylari ishlab chiqarishni boshladi

SEG Motol – Saneg kompaniyasining moy biznesi operatori Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining moy ishlab chiqarish uchastkasida yengil avtomobillar uchun motor moylari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.

Yangi to‘plam uchta mahsulotni o‘z ichiga oladi: SEG Motol Hitech 5W-30 sintetik moyi hamda ikkita yarim sintetik – SEG Motol Litec 10W-40 va SEG Motol Lider 10W-40.

Moylar Yevropaning yetakchi kompaniyalarining yuqori sifatli bazaviy moylari asosidagi qo‘shilmalarni qo‘llagan holda ishlab chiqariladi.

SEG Motol Hitech 5W-30 sintetik mahsuloti API SN/CF va ACEA A3/B4 xalqaro standartlariga javob beradi, bu esa uni zamonaviy benzin va dizel dvigatellari uchun mos qiladi. Litec va Lider yarim sintetik moylari ommaviy segmentga yo‘naltirilgan – 10W-40 qovushqoqlikdagi moylar O‘zbekistonda an’anaviy ravishda katta talabga ega.

Yangi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun FNQIZda Italiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy avtomatik qadoqlash liniyasi o‘rnatildi. Uning quvvati yiliga 10 ming tonnadan ortiq mahsulotni tashkil etadi, moylar 1 va 4 litrli idishlarga qadoqlanadi. Yuqori darajadagi avtomatlashtirish inson omili ta’sirini kamaytirib, barqaror sifatni ta’minlaydi.

Sifat nazorati O‘zbekiston uchun noyob uskunalar bilan jihozlangan sertifikatlangan laboratoriyada amalga oshiriladi. Laboratoriyada SAE (qovushqoqlik), Noack (bug‘lanuvchanlik) usullari bo‘yicha sinovlar o‘tkaziladi, shuningdek, ko‘pik hosil bo‘lishi va boshqa muhim parametrlar baholanadi.

"O‘zbekistonda yengil avtomobillar soni yil sayin ortib bormoqda — o‘tgan yilning o‘zidayoq avtopark 400 mingdan ziyod mashinaga ko‘paydi. Motor moylariga bo‘lgan talab ham ortib bormoqda va hali ham asosan import hisobiga qoplanmoqda. Bugun biz xorijiy mahsulotlar bilan bellashadigan, ammo hamyonboproq sifatli o‘zbek mahsulotlarini taklif qilishga tayyormiz", – dedi SEG Motol direktori Baxtiyor Asatullayev.