YANGILIKLAR

Mushtarak maqsadlar: SIUT va EUt+ o‘rtasida hamkorlik rishtalari

Texnologik ta’limning Yevropacha modeli

Bugungi kunda insoniyat iqlim o‘zgarishi, resurslarning haddan ortiq iste’moli, jadal rivojlanayotgan raqamli davrning ijtimoiy oqibatlari kabi texnik muammolarga duch kelmoqda... Amaliyot va xalqaro tajribalar shuni ko‘rsatadiki, mazkur muammolarning eng samarali yechimlari texnologiya bilan uzviy bog‘liqdir. Texnologik yechimlarni hayotga tatbiq etish, o‘z navbatida, ta’lim va fandan yangi muhandis texnologlar avlodlarini shakllantirishni talab etadi. Yuqorida keltirilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida Yevropa texnologiya universiteti (EUt+) tashkil etilgan.

EUt+ inklyuziv va barqaror kelajakni shakllantirishda texnologiyaning asosiy rolini belgilash, shuningdek, ta’limning yangi Yevropa modelini ommalashtirish kabi muhim vazifalarni amalda qo‘llashni nazarda tutuvchi qit’adagi to‘qqizta yirik texnologik universitetlarni birlashtirgan ittifoq sanaladi. EUt+ tarkibiga quyidagi oliygohlar kiradi: Darmshtadt amaliy fanlar universiteti (Germaniya), Trua texnologiya universiteti (Fransiya), Sofiya texnika universiteti (Bolgariya), Kipr texnologiya universiteti (Kipr), Dublin texnologiya universiteti (Irlandiya), Kluj-Napoka texnika universiteti (Ruminiya), Kartagena politexnika universiteti (Ispaniya), Kasino va Janubiy Latsio universiteti (Italiya) va Riga texnika universiteti (Latviya).

2024-yilning 10-may sanasida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) rektori prof. Yusuf Abdullayev va Yevropa texnologiya universiteti (EUt+)ning rasmiy vakili Kluj-Napoka, texnika universiteti (Ruminiya) rektori - prof. Vasile Țopalar ishtirokida, SIUT hamda EUt+ o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Mazkur memorandum ikki muassasa oʻrtasida qoʻshma manfaatli sohalarda tashabbuslarni ilgari surish, taʼlim, ilmiy loyiha va dasturlarni amalga oshirish, ilmiy simpoziumlar, taklif etilgan ma’ruzachi professorlar ma’ruzlari, fan va axborot almashinuvi, konferensiyalar va seminarlar tashkil etishda koʻmaklashish va hamkorlik qilish kabi muhim masalalarning yechimiga qaratilgan.

SIUT va EUt+ oʻrtasidagi hamkorlik texnologik taʼlimni rivojlantirishdagi muhim qadamdir. Bu hamkorlik akademik va ilmiy hamkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratib, yuqori malakali muhandis texnologlarning yangi avlodini shakllantirishga hissa qo‘shadi.