YANGILIKLAR

Kiberxavfsizlik bo‘yicha yangi yechimlar Samarqanddagi OSIYOTECH konferensiyasida taqdim etildi

Mutaxassislar OSIYOTECH konferensiyasida trendlar haqida fikr almashdilar va real sanoat holatlari bilan bo‘lishdilar.

Kiberxavfsizlik – Markaziy Osiyo davlatlari tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan iqtisodiyotlarining asosiy sohalaridan biridir. Samarqand shahrida o‘tkazilgan OSIYOTECH konferensiyasida mutaxassislar trendlar haqida fikr almashdilar va real sanoat holatlari bilan bo‘lishdilar.

26–27 aprel kunlari Samarqand Turizm markazida (STM) Enera guruhiga kiruvchi OSIYOTECH kompaniyasi zamonaviy raqamli jamiyat va biznesdagi kiberxavfsizlikka oid dolzarb masalalarga bag‘ishlangan yirik konferensiyani tashkil etdi.

Tadbirda O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan etakchi mutaxassislar, vendorlar va buyurtmachilar vakillari bo‘lgan 80 dan ortiq ishtirokchilar qatnashdi.

O‘z yechimlari va ekspertizasini taqdim etgan asosiy vendorlar qatorida «Kasperskiy laboratoriyasi», Solar Security, Security Vision, Fuzzy Logic Labs, AytiBastion, Astra kabi mashhur kompaniyalar bo‘ldi.

Buyurtmachi sifatida konferensiyada bank, fintex, sanoat, davlat va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari vakillari ishtirok etdi, ular o‘z infratuzilmasi, axborot tizimlari va mijozlarini zamonaviy kiber tahdidlardan ishonchli himoya qilishga qiziqish bildirdilar.

Konferensiya doirasida kiberxavfsizlik bilan bog‘liq keng qamrovli masalalarga bag‘ishlangan tematik sessiyalar bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar SOC (Security Operations Center – xavfsizlikni boshqarish markazi)ni rivojlantirish strategiyalari, sanoat sohasidagi dolzarb kiber tahdidlar, raqamli texnologiyalar davrida bank va fintex sohasidagi turli firibgarlik turlari, axborot xavfsizligiga inson omilining ta’sirini nazorat qilish usullari, axborot xavfsizligini boshqarish jarayonlarini muvofiqlashtirish imkoniyatlari, shuningdek, ichki perimetrni ma’lumotlar sizib chiqishidan himoya qilish usullari muhokama qilindi. Ayniqsa, raqamli tahdidlardan himoya qilish bo‘yicha turli yechimlarning samaradorligini real vaqt rejimida ko‘rsatib beruvchi amaliy holatlar sessiyasiga alohida e’tibor qaratildi.

«OSIYOTECH o‘zining missiyasini faqatgina kiberxavfsizlik sohasida ilg‘or yechimlar taqdim etishda emas, balki Markaziy Osiyodagi axborot xavfsizligi bozorining asosiy ishtirokchilari o‘rtasida konstruktiv muloqot maydonini yaratishda deb biladi. Ushbu konferensiya aynan shu yo‘nalishda muhim qadam bo‘lib, etakchi mutaxassislar, texnologiya yetkazib beruvchilar va buyurtmachilarni tajriba almashish, dolzarb tahdidlarni muhokama qilish va samarali himoya strategiyalarini ishlab chiqish uchun birlashtirdi», – deya ta’kidladi Enera kompaniyasining IT va raqamlashtirish bo‘yicha boshqaruvchi direktori Vyacheslav Sundukov.

«Bunday konferensiyalar — bu tez rivojlanayotgan biznes muhitida kiberxatarlar oldini olish bo‘yicha ko‘p darajali himoya tizimini shakllantirishga qaratilgan muhim drayverlarni muhokama qilish maydonidir», – dedi OSIYOTECH kompaniyasi bosh direktori Savlat Tolibov.