YANGILIKLAR

SIUTda Fransuz oliy muhandislik maktabi (instituti) tashkil etiladi

Fransiya Oʻzbekiston mustaqilligini birinchilardan boʻlib tan olgan va 30 yildan ortiq vaqt mobaynida ikki davlat oʻrtasida samarali hamkorlik izchil rivojlanib kelmoqda.

Ta’kidlash joizki, Fransiya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi muhim hamkorlaridan biridir. Bugungi kunda tenglik, oʻzaro manfaat va hurmatga asoslangan do’stona munosabatlar kengayib, barcha jabhalarda jumladan, siyosat, iqtisodiyot, madaniyat va ilm-fan sohalarida samarali aloqalar yanada mustahkamlanmoqda.

Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Fransiyada davlat tashrifi bilan bo‘lganligi o‘tgan vaqt davomida erishilgan natijalarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilganligi bilan yanada ahamiyatli bo‘ldi.

Parij shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qildilar.

Bu nafaqat O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilganligidan, balki davlatlarimiz orasidagi munosabatlarga ham yangi ruh olib kirishi bilan yanada ahamiyatlidir.

Tashrif davomida kutilmagan voqelik ro‘y berdi. Davlatimiz rahbariga Fransiyaning eng oliy davlat mukofoti – Faxriy legion ordeni topshirildi.

Quvonarlisi, tashrif doirasida davlatimiz rahbari Parij shahrining ko‘chalaridan biriga Samarqand nomi berilganini g’urur bilan e’tirof etib buning ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik ramzi ekanini ta’kidladi. O‘zbekiston va Fransiya prezidentlari Parijda strategik sheriklik bo‘yicha “tarixiy qaror” qabul qilib, sanoat va tabiiy resurslar boshqaruvi sohasida muhim kelishuvlarga erishdi.

Oliy darajadagi tashrif doirasida Fransiyaning Nitssa shahrida Fransiyaning nufuzli xalqaro Frankofoniya tashkiloti direktori Yann Librati va Samarqanddagi mahalliy korxonalar, tashkilotlar va muassasalar vakillaridan iborat Samarqand viloyati delegatsiyasi o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori, professor Yusuf Abdullayev ishtirok etdi. Muloqotdan so‘ng Frankofoniya tashkiloti direktori Yann Librati hamda universitet rektori, professor Yusuf Abdullayev ishtirokida tashkilot hamda universitet o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, o‘zaro manfaatli loyihalarni birgalikda amalga oshirish ta’lim sohasida barqaror rivojlanishni ta’minlovchi hamkorlik ishlarini yo’lga qo’yish masalalarini nazarda tutgan tor doiradagi muzokaralar o’tkazildi. Muzokaralar natijasida tomonlar SIUTda Fransiyaning yetakchi muhandislik universitetlari bilan hamkorlikda Fransuz oliy muhandislik maktabini (institut) “French Higher School of Engineering” tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Ushbu institut 2025-yil sentabr oyida o‘z faoliyatini boshlashi rejalashtirilgan bo‘lib, Konchilik, Geologiya, Neft va gaz, Kimyo muhandisligi kabi muhim ta’lim yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Institutning tashkil etilishi O‘zbekistonda yuqori sifatli texnologik ta’lim tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi hamda sanoat ehtiyojlariga mos keladigan malakali muhandislarni tayyorlashga yo‘naltirilgan. Kelgusida sanoatning dolzarb talablari asosida ta’lim yo‘nalishlari yanada kengaytirilishi rejalashtirilgan.

Fransuz Oliy Muhandislik Maktabi (Institut) ning moliyalashtirilishi bir necha yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshiriladi. Jumladan, loyiha fransuz biznes vakillari orasidan qiziqish bildirgan investorlar jalb qilinishi, Fransiyaning yetakchi universitetlari ilmiy-metodik qo‘llab-quvvatlashi hamda SIUT Vasiylik Kengashi raisi B.Sh. Fazilovning beqiyos hissasi bilan moliyaviy jihatdan ta’minlanishi nazarda tutilgan.

Mazkur tashabbus nafaqat O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi ilmiy-ta’limiy hamkorlikni mustahkamlash, balki yosh muhandislar uchun xalqaro standartlarga mos yuqori sifatli ta’lim olish imkoniyatini yaratishga xizmat qiladi. SIUT mintaqadagi innovatsion texnologik rivojlanish markazi sifatida, mamlakatimiz sanoati uchun zamonaviy, raqobatbardosh va xalqaro darajadagi mutaxassislarni tayyorlash borasida yetakchi o‘rin egallashda davom etadi.

Bundan tashqari, 2024-yil 22-avgust kuni SIUT Fransiyaning Orano kompaniyasining O‘zbekistondagi yaqin hamkori “Nurlikum Mining” O‘zbekiston-Fransiya qo‘shma korxonasi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolangan. Ushbu kelishuv doirasida SIUT muhandislik yo‘nalishi talabalari uchun qo‘shma korxona vakillari bilan turli uchrashuv va seminar-treninglar tashkil etilmoqda. Bu esa universitetda yo‘lga qo‘yilgan dual ta’lim tizimi asosida ta’lim va sanoat o‘rtasidagi uyg‘unlikni yanada mustahkamlaydi. Mazkur hamkorlik universitet va sanoat o‘rtasidagi integratsiyani yanada kuchaytirib, tog‘-kon va muhandislik sohalarida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Bugungi kunda SIUT xalqaro miqyosdagi yetakchi universitetlardan biri sifatida innovatsion ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli joriy etib kelmoqda. Xususan, o‘quv jarayonlari AQShning Colorado School of Mines ilmiy tadqiqot universiteti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Master Plan” doirasida, xalqaro standartlar asosida va to‘liq ingliz tilida olib boriladi.

Shuni alohida qayd etish joizki, ayni paytda oliygoh negizida Xitoy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ilk marotaba Xitoy energetika institute (Chinese Institute of Electric Power, CIEP), shuningdek, Koreya Respublikasining OTM dasturlari asosida Koreya texnologiyasi va madaniyati instituti (Korean Institute of Technology and Culture – KITC), bundan tashqari, Hindistondagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda “Computer Sciences” fakulteti faoliyati yo‘lga qo’yilgan. AQShning “Sultan Trans” kompaniyasi bilan “Xalqaro logistika” fakultetining tashkil etilgani olingan nazariy bilimlarni amalda qo‘llashda keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Endilikda esa muhandislik yo‘nalishlarida Fransiya ilg‘or tajribasining yurtimiz oliy ta’lim tizimida joriy qilinayotgani yetuk muhandislar avlodini tayyorlashni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun: Xalqaro Frankofoniya tashkiloti (fransuzcha l’Organisation internationale de la Francophonie-OIF) dunyo bo‘ylab fransuz tilini targ‘ib qilish, madaniy xilma-xillikni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda barqaror iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi. Mazkur xalqaro tashkilot jahon bo‘ylab 104 dan ortiq hamkor tashkilotlariga ega.