YANGILIKLAR

SIUT "Yil brendi 2023" mukofoti sohibi bo‘ldi

VI Xalqaro “MAKON MARKETING FORUM 2024” biznes-forumi doirasida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti “Ta’lim” yo‘nalishi bo‘yicha “Yil brendi – 2023” mukofotini qo‘lga kiritdi.

2024-yilning 18-19-may kunlari Toshkent shahridagi “Humo Arena” muz saroyida VI “MAKON MARKETING FORUM 2024” xalqaro biznes-forumi doirasida xizmat ko‘rsatish sohasida eng muvaffaqiyatli biznes loyihalar, faol tadbirkorlar, oliy oʻquv yurtlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

“2023-yilda O'zbekistonda noyob xorijiy professor-o'qituvchilar tarkibi hamda xalqaro darajadagi ilmiy ba’zaga ega ingliz tilidagi birinchi xalqaro texnologik universitetni yaratishdagi yutuqlari uchun” maxsus nominatsiyada Samarqand xalqaro texnologiya universiteti “2023-yil brendi” deya e’tirof etildi.

SIUTga “Yil brendi-2023” mukofotini topshirish marosimida universitet rektori, professor Yusuf Abdullayev so‘zga chiqib, “O‘zbekistonda “Uchinchi Rennesans davri”ni harakatga keltiruvchi kuchlaridan biri sifatida mamlakatimizda oliy ta’lim tizimi taraqqiyotidagi ijobiy dinamikani alohida zikr etish darkor”, – deya ta’kidladi o‘z nutqi davomida. Samarqand xalqaro texnologiya universitetining tashkil etilishi – davr talablariga ko‘ra o‘ziga xos “reaksiya”dir, – deydi professor Yusuf Abdullayev. “Universitet tashkil etilganidan buyon endigina ikki yarim yil o‘tgan bo‘lsada, universitetning “Yil brendi” mukofoti bilan taqdirlangani biz to‘g‘ri yo‘ldan – Yangi O‘zbekiston uchun jahon standartlari darajasidagi muhandis kadrlarning yangi avlodini tayyorlash va shakllantirish yo‘lidan borayotganimizdan dalolat beradi”, – deya o‘z fikrlarini davom ettirdi professor. Universitetda dunyoning 16 davlatidan 30dan ortiq xorijlik professor-o‘qituvchilar dars bermoqda. Talabalarimiz ulardan tajriba va bilim olish uchun noyob imkoniyatga ega bo‘lishlari barobarida, yaqin kelajakda mamlakatimizdagi texnologiyalar rivojiga, respublikaning ilmiy-texnik salohiyatining barqaror o‘sish sur’atiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishlariga aminman. Shaxsan men talaba qizlarimiz bilan faxrlanaman, – deya davom etadi rektor, – sababi, o‘quv yili yakunlari bo‘yicha eng yaxshi o‘n nafar talaba orasida “muhandislik erkak kasbi”, – degan barcha qolip va tasavvurlarni yo‘qqa chiqargan olti nafar qizlarim bor.”

Tadbir davomida Makon Marketing Forumi doirasida SIUT va forum tashkilotchisi O‘zbekiston Marketing Assotsiatsiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

“SIUT bilan imzolangan memorandum va o‘rnatilgan manfaatli hamkorlik tufayli Assotsiatsiyamiz Samarqand xalqaro texnologiya universitetining yangi kampusida o‘zining ilk Samarqand ofisini ochadi”, – deydi O‘zbekiston Marketing assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Diyor Mirzaahmedov.

Ma’lumot uchun: “Makon Marketing Forum” xalqaro biznes-forumi marketing va savdo sohasidagi tadbirkorlar va yetakchi mutaxassislarni o‘zida jamlagan Markaziy Osiyodagi eng yirik professional forumlardan biri hisoblanadi. Joriy yilda forum tashkilotchilari sanalgan O‘zbekiston Marketing uyushmasi hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan “Yil brendi – 2023” g‘oliblarini aniqlash maqsadida 25 ta nominatsiya bo‘yicha ovoz berish jarayoni haqida e’lon qildi. Ovoz berish ochiqlik va shaffoflik asosida halollik prinsplariga ko‘ra o‘tkazildi. Shuni ham taʼkidlash joizki, SIUT ham mazkur forumning VIP hamkorlari roʻyxatidan o‘rin olgan.

SIUTda 2024/2025 o‘quv yili uchun 12 ta taʼlim yoʻnalishining bakalavriat bosqichida 285 ta kvota ajratilgan va ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha hujjatlar qabuli davom etmoqda. Batafsil malumot.